“O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi munosabatlarining yangi davri: barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun iqtisodiy, texnologik va ekologik hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi – Toshkent Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari bo’yicha ilg’or tajriba markazi
LinksLinks2

2022-yil 13-dekabr kuni Toshkent Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari bo’yicha ilg’or tajriba markazi faoliyati doirasida “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi munosabatlarining yangi davri: barqaror rivojlanishni ta’minlash uchun iqtisodiy, texnologik va ekologik hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyada FERRMED tadqiqot maslahat kengashi a’zosi Pyer Borgolz, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi birinchi kotibi Jasur Jo‘raboyev, UNICEFning O‘zbekistondagi ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Alberto Byankoli, Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik assotsiatsiyasi (EUROUZ) bosh kotibi Oybek Shayxov, Latviya xalqaro munosabatlar instituti direktori vazifasini bajaruvchi doktor Karlis Bukovskis, barqaror biznes va moliya sohasida Erasmus ilg’or tajribalar markazi rahbari Lyudmila Murodova, JIDU fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, yuridik fanlar doktori Gulnoza Ismailova, shuningdek, Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti professor-o‘qituvchilari, JIDU doktorantlari va talabalari ishtirok etishdi.

Konferensiyada O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish; Trans-Evroosiyo magistral temir yo’l transporti tarmog’ini kengaytirish imkoniyatlari; Yevropa davlatlarining (Shvetsiya, Germaniya) toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish tajribasini Oʻzbekistonga joriy etish; O‘zbekistonda ta’lim sifatini oshirish uchun innovatsiyalar va texnologiyalarga sarmoya kiritish, raqamlashtirishni jadallashtirish, O’zbekistonda iqlim o’zgarishi oqibatlarini yengillashtirish uchun yashil iqtisodiyotga o’tish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni Yevropa bozoriga olib chiqishda transport-logistika  bilan bog‘liq muammolar aniqlanib, ularni hal etish choralari taklif etildi.

Konferensiya yakunida muhokama natijalari umumlashtirilib, Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari bo’yicha ilg’or tajriba markazida olib borilayotgan iqtisodiy tadqiqotlar doirasida Yevropa institutlari va biznes hamjamiyati bilan hamkorlik qilishning istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi.

LinksLinks2