2021 yil 10 noyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba markazi va Sefacil fondi (Fransiya) birgalikda “Logistika va diplomatiya: Markaziy Osiyoda qiymat zanjirlarini boshqarish borasidagi aloqalarni rivojlantirish” mavzusida xalqaro davra suhbati tashkil etdi. Tabirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va Fransiyalik ko‘zga ko‘ringan olimlar hamda mutaxassislar: Per Shabal (Le Gavr universiteti va Science-Podagi Yevropa-Osiyo kampusi professori), Yann Aliks (Transport geografiyasi doktori, SEFACIL fondi bosh vakili), Loren Torrans (Axelcium – Bosh direktori), Entoni Pullen (CARGO STREAM bosh direktori) ishtirok etdilar.
Tadbirni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti prorektori, TashCoE rahbari Ismailova Gulnoza Saidganixodjayevna ochib berdilar. O‘z nutqida G.Ismailova ushbu davra suhbatidan asosiy ko‘zlangan maqsadlarni sanab o‘tdi:
- Markaziy Osiyo taraqqiyotining siyosiy, iqtisodiy va logistik jihatlari haqida fikr yuritish;
- Yevroosiyo savdo aloqalarida Markaziy Osiyo logistika va ta’minot zanjiri salohiyatini ochib berish;
- Markaziy Osiyoda yetkazib berish zanjirini yaratishga yordam beradigan nazariy va amaliy vositalar ustida ishlash;
- Logistika va iqtisodiy diplomatiya bilan bog‘liq umumiy va aniq masalalar bo‘yicha O‘zbekiston nomidan fikr va mulohazalar bildirish.
Ikki sho‘badan iborat bo‘lgan davra so‘hbatida logistika va iqtisodiy diplomatiya sohalari muhokama qilindi. Unda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va xorijlik ekspertlar o‘z fikrlarini bildirdilar. Xususan, Axelcium Bosh direktori Loren Torrans Uzbekistonda davlat-xususiy sheriklik tizimi o‘zining boshlangich bosqichida bo‘lib, mamlakat oldida hali ko‘plab vazifalar turganligi, mazkur sohani rivojlantirishga Fransiya tomoni, xususan, Axelcium kompaniyasi ko‘mak berishga tayyor ekanligini bildirib o‘tdi.
Le Gavr universiteti va Science-Podagi Yevropa-Osiyo kampusi professori Per Shabal o‘z nutqida Markaziy Osiyo mamlakatlarida logistika va iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish muhimligini ta’kidladi. “Logistika notijorat tashkilot bo‘lib, iqtisodiy diplomatiyaga sarmoya kiritish va mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni va transport sohasini rivojlantirishning samarali vositasi ekanli”gini aytib o‘tdi.
Transport geografiyasi doktori, SEFACIL fondi bosh vakili Yann Aliks “Xitoyning “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi bugungi kunda butun dunyoda asosiy e’tibor karatilgan loyiha ekanligi”ni ta’kidladi. Ushbu fikrga javoban JIDU kafedra mudiri U.Xasanov quyidagi fikrlarni yetkazdi: “Xitoyning mazkur loyihasi aslida 90-yillarda Yevropaning TRACECA transport-logistika loyihasi bilan bir xil. Mazkur loyihaning Yevro tomonidan to‘xtalishi, Xitoy tomonidan BMBY g‘oyasini ilgari surish va transport tizimini rivojlantirish tashabbusini o‘z qo‘liga olishiga sabab bo‘ldi”.
Umuman olganda, xalqaro davra suhbati muhokama etilayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha keyingi tadqiqotlarni rag‘batlantiradigan yana bir muhim ilmiy tadbirga aylandi. Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va yangi qo‘shma loyihalar ishlab chiqishga kelishib oldilar.