O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida xorijiy mamlakatlar, xususan, Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining ilg‘or tajribasini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
2022 yil 9 dekabr kuni Toshkent davlat yuridik universitetida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan “Toshkent Jean Monnet nomidagi Yevropa tadqiqotlari bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi” (Tashkent Jean Monnet Centre of Excellence for European studies) loyihasi doirasida “Konstitutsiyaviy islohot: Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ilmiy anjuman Toshkent davlat yuridik universitetining “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi tomonidan tashkil etilib, uning ishida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, M.Auyezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston davlat universiteti, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Yuristlar malakasini oshirish markazi, yuridik texnikumlar va TDYUU qoshidagi akademik litsey vakillari, shuningdek ilmiy tadqiqotchilar, amaliyotchi huquqshunoslar ishtirok etdi.
Xalqaro davra suhbati mavzusi quyidagi masalalarni o‘z ichiga oldi:
– Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining konstitutsiyaviy asoslari;
– Qozog‘iston Respublikasida konstitutsiyaviy islohotlarning yangi bosqichi;
– O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimidagi konstitutsiyaviy islohotlar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasining raqamli sog‘liqni saqlash va tibbiy sug‘urta tizimiga oid qonunchiligidagi islohotlar;
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mehnat huquqlarining kafolatlarini takomillashtirish, xususan, majburiy mehnatni taqiqlash prinsipi qo‘llanilishining qiyosiy-huquqiy tahlili;
– Yevropa Ittifoqiga a’zo-davlatlar konstitutsiyalarining xalqaro huquqqa muvofiqligi masalalari;
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va islom huquqi (qiyosiy-huquqiy tahlil).
Tadbir qizg‘in bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tib, unda ilgari surilgan taklif va mulohazalar mamlakatimizdagi konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida o‘zining amaliy ahamiyatiga ega bo‘lishi e’tirof etildi.