Toshkent davlat yuridik universiteti “Xalqaro huquq va inson huquqlari” kafedrasi tomonidan “Toshkent Jean Monnet nomidagi Yevropa tadqiqotlari ilg’or tajribasi markazi” (Tashkent Jean Monnet Centre of Excellence for European studies) loyihasi doirasida “Erkin va demokratik saylovlarning huquqiy asoslari: Yevropa va boshqa xorijiy mamlakatlarda xalqaro standartlardan foydalanishda ilg’or tajriba” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy davra suhbati o‘tkazildi.
Xalqaro anjumanda Adliya vazirligi, Sudyalar oliy kengashi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Bosh prokuratura akademiyasi, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat ilmiy-tadqiqot instituti, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazi, Toshkent shahar yuridik texnikumi, Fuqarolik jamiyati instituti vakillari hamda xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Ushbu tadbir doirasida O’zbekiston Respublikasi davlat siyosati, islohotlar, Prezident saylovlarida qonun ustuvorligini ta’minlashning ahamiyati, erkin va demokratik saylovlarning xalqaro standartlari, shuningdek Yevropa Ittifoqi, Janubiy Koreya, Osiyoda prezidentlik saylovlarining ilg’or tajribalari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, fuqarolik va siyosiy huquqlarni ta’minlashda O’zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o’rtasidagi hamkorlik va uning istiqbollari kabi bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Davra suhbati yakunida ishtirokchilar demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan tizimli islohotlarni kuchaytirish bo’yicha ko’riladigan chora-tadbirlar bo’yicha o’z taklif va tavsiyalarini bildirdi.