2021 yil 13 sentabr kuni Toshkent Jan Monne Yevropa tadqiqotlari bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba Markazi hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti birgalikda Yevropa Ittifoqi vakillari bilan uchrashuv tashkil etdi. Universitetga Yevropa Parlamentidagi “Yevropa Ittifoqi-O’zbekiston” do’stlik guruhi bosh kotibi I.Tekdemir hamda Qo’shnichilik va Yevropa komissiyasining kengayishi bo’yicha Bosh direktsiya sektori rahbari M.Rupp tashrif buyurdilar.
Uchrashuvning birinchi yarmi mehmonlar va Universitet rahbariyati (rektor S.Safoyev va TashCoE rahbari, prorektor G.Ismoilova) o’rtasidagi suhbat tarzida o’tdi. Unda Yevropa Parlamenti bilan hamkorlikni takomillashtirish, yaqinlashib kelayotgan O’zbekiston Respublikasida Prezidenti saylovlariga tayyorgarlik ko’rish, shuningdek, fan va ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
JIDU doktorantlari ishtirok etgan uchrashuvning ikkinchi qismi «savol-javob» formatida o’tkazildi. Tomonlar muhokama chog’ida Markaziy Osiyodagi xavfsizlik, Yevropa Ittifoqi-O’zbekiston hamkorligi, Yevropa Ittifoqi va AQSh o’rtasidagi muloqot, shuningdek, Yevropa Ittifoqi-Xitoy munosabatlariga oid masalalarni ko’tarishdi. Yevropadan kelgan mutaxassislar har bir savolga batafsil to’xtalib, kerakli javoblarni berishdi.
Samimiy muhitda o‘tgan uchrashuv bo‘lajak hamkorlik rejalarini muvofiqlashtirish bilan yakunlandi.