Buyuk Britaniyaning Kembridj, Kent universitetlari va Ozarbayjon Respublikasining ADA universiteti, GCRF COMPASS loyihasi hamda Yevropa tadqiqotlari bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi hamkorligida 2022 yilning 30 mart – 1 aprel kunlari Ozarbayjonning Baku shahrida yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish boʻyicha xalqaro konferensiya tashkil etildi. Xalqaro konferensiyada Jahon iqtisodiyoti diplomatiya universiteti tarafidan Toshkent Jan Mone Yevropa tadqiqotlari bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi rahbari Gulnoza Ismailova va markazning guruh rahbari Surayyo Usmanova ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi. Unda iqtisodiy rivojlanish, boshqaruv, tadqiqot integratsiyasi, inson salohiyatini oshirish, taʼlim va fuqarolik jamiyati masalalari boʻyicha yirik tashabbuslar yoritildi.

Seminar konsepsiyasi asosida tegishli ilmiy va amaliy fanlar bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ishtirok etishdi. Buyuk Britaniyaning Kent va Kembridj universitetlaridagi GCRF COMPASS loyihasi va Ozarbayjonning ADA universiteti ushbu konferensiyasini fanlararo tadqiqot salohiyatini oshirishda mintaqaviy markaz va mukammallik tarmog’ini yaratish maqsadida tashkil etdi. Unda Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar jarayonida akademik tadqiqotlar olib borish borasidagi tajribalar muhokama etildi. Shuningdek, ADA universiteti qoshidagi Yevropa tadqiqotlari bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi hamda Toshkent Jan Mone Yevropa tadqiqotlari bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi o’rtasidagi kelgusida hamkorlik olib borish istiqbollari belgilandi.

 

https://azertag.az/xeber/ADA_Universitetinde_qlobal_chagirislarin_muzakiresine_hesr_olunmus_beynelxalq_konfrans_kechirilir-2071406