Yevropada integratsion jarayonlarni chuqurlashtirishda parlament diplomatiyasi omili va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun saboqlar – Toshkent Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari bo’yicha ilg’or tajriba markazi
LinksLinks2

23-oktyabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Toshkent Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari bo‘yicha ilg‘or tajriba markazi (Tashkent Jean Monnet Centre of Excellence for European studies) tomonidan “Parliamentary dimension of European integration: the case for Central Asia” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Qizg‘in bahsu munozaralar asosida kechgan mazkur davra suhbatida Yevropa istiqboli va xavfsizligi tadqiqot instituti prezidenti Emmanuel Dupuy, Partners&Asia tadqiqot markazi asoschisi va eksperti Guy Olivier Faure,  Fransiyalik ekspert Pierre Chabal, Xalqaro energiya xartiyasi tashkiloti Bosh kotibi Urban RusnakMaximilian Krah, Yevropa parlamenti aʼzosi, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qodir Jo‘rayev hamda universitetning professor o‘qituvchilari va magistr talabalari ishtirok etishdi.

Davra suhbatini TashCoE rahbari, universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, yuridik fanlar doktori, dotsent Gulnoza Ismailova ochib berdi. Shundan so‘ng, mazkur tadbirda moderator vazifasini bajargan, siyosiy fanlar bo‘yicha PhD, Magistratura bo‘limi dekani Otabek Nayimov “Yevropada integratsion jarayonlarning avj olishida parlament diplomatiyasining taʼsiri va ahamiyati” mavzusidagi maʼruzasi bilan chiqish qildi. U o‘z nutqida Yevropa mamlakatlarida integratsion orzu-intilishlarning kuchayishi, II-jahon urushidan keyingi davrda Yevropada ijtimoiy fikrning yuksalishi kontekstida parlament harakatining sub-regional hamda mintaqaviy darajalarda institutsionallashuv tendensiyalarining jadallashuvi hamda ushbu o‘zgarishlarga turtki bergan tarixiy shart-sharoitlar xususida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Xususan, Shimoliy Kengash (Nordic Council), Benilyuks Parlamentlararo maslahatlashuv Kengashi hamda Boltiq bo‘yi davlatlari Parlament assambleyasi kabi parlamentlararo tuzilmalarning savdo-iqtisodiy, qonun ijodkorligi, gumanitar va madaniy sohalardagi milliy siyosatni o‘zaro muvofiqlashtirish va yaqinlashtirish, tashqi siyosat, xavfsizlik va xalqaro masalalarda umummintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish orqali mintaqaviy bog‘liqlik va yaxlitlik ruhini qaror toptirishdagi o‘rni va roli alohida eʼtirof etildi. Parlamentlararo tuzilmalar bilan bir qatorda milliy parlamentlarning ham ikki tomonlama hamkorligi o‘zaro aloqalarni yaxshilashda amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi. Jumladan, Fransiya va Germaniya parlamentlararo do‘stlik guruhining saʼy-harakatlari tarixiy raqiblar bo‘lgan ushbu ikki davlatning urushdan keyingi yillarda o‘zaro yarashuvida sezilarli taʼsir ko‘rsatganligi qayd etildi.

Partners&Asia tadqiqot markazi eksperti Guy Olivier Faure parlament diplomatiyasining Yevropa xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash, siyosiy yarashuv, oddiy insoniy va chegaralararo aloqalarni chuqurlashtirish hamda savdo-iqtisodiy aloqalaridagi mavjud to‘siq va cheklovlarni olib tashlashdagi tarixiy ahamiyati aniq misollar yordamida tushuntirib berdi. Shuningdek u Yevropaning ilg‘or tajribasidan Markaziy Osiyo mintaqasida ham foydalanish mumkinligini, mazkur ikki mintaqaning  bir qator farqli jihatlari bilan birga, talaygina o‘xshash tomonlari ham mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi. Uning fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashda Yevropa Ittifoqida joriy etilgan Erasmus Mundus dasturiga o‘xshash taʼlim dasturlarini ishlab chiqish muhim hisoblanadi. Har qanday mintaqaviy bog‘liqlik va hamkorlik loyihalarini chuqur o‘ylab, bosqichma-bosqich hayotga tadbiq etish joiz.

Pierre Chabal mazkur ikki mintaqa xalqlarining o‘zaro o‘xshash jihatlariga asosiy eʼtiborni qaratdi. Bular taraqqiyotga bo‘lgan umumiy intilish, tarix, madaniyat, til, urf-odat va anʼanalardagi umumiy jihatlar Markaziy Osiyo xalqlarining istiqbolda yana-da izchil va o‘zaro manfaatli hamkorlik tizimini yaratishda qo‘l kelishini taʼkidladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, siyosiy fanlar doktori  Qodir Jo‘rayev o‘z fikr-mulohazalarida ushbu ikki mintaqa o‘rtasidagi ayrim farqli jihatlarga to‘xtalib o‘tdi. Xususan, ular o‘rtasidagi tarixiy shart-sharoitlarning turfa xilligi, ularning bir-biridan farq qiladigan sivilizatsiyalarga mansubligi, Markaziy Osiyo mamlakatlari uzoq yillar mustamlakachilik davrini boshidan kechirganligini kabi tafovutlarni sanab o‘tdi.

Ekspertlar va magistr talabalarning qizg‘in munozaralari, ilmiy mulohazalari va savol-javoblari davra suhbatining g‘oyatda jonli tarzda o‘tishiga sabab bo‘ldi.

LinksLinks2