International forum “Dialogue of Declarations” was held – Tashkent Jean Monnet Centre of Excellence for European studies
LinksLinks2

Joriy yilning 16-17 may kunlari O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasida Deklaratsiyalar muloqoti xalqaro forumi bo`lib o`tdi. Ushbu tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o`qituvchilari va doktorantlari ishtirok etishdi.

Xalqaro forum O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSH Global jalb qilish instituti, Din ishlari bo`yicha qo`mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimliklari hamkorligida tashkil etildi. Mazkur anjumanda qatnashish uchun Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQSHdan yetakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslar, huquqshunoslar va boshqa rasmiy vakillar tashrif buyurdi.

“Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil qabul qilingan “Ma`rifat va diniy bag`rikenglik” maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi olib borayotgan izchil ishlarning bir qismi bo`lib, 2020-yilda davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Milliy strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.

Anjuman doirasida turli mamlakatlar dinshunos olimlari va amaliyotchi mutaxassislari tomonidan jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlab turishning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar o`rtasida samarali muloqot o`rnatish muhim ekanligi ta`kidlanib, bu borada fikr va mulohazalar almashildi.

19-may kuni Buxoro shahrida qabul qilingan “Buxoro deklaratsiyasi” mazkur xalqaro uchrashuvning yakuniy natijasi hisoblanadi. Ilgari Marokash, Makka, Jakarta, Potomak va Punto-del-Esteda qabul qilingan deklaratsiyalarning mantiqiy davomi bo`lgan ushbu hujjat O`zbekistonning diniy bag`rikenglik va millatlararo totuvlik g`oyalarini xalqaro darajada qaror toptirishga qo`shgan muhim hissasi bo`ldi.

LinksLinks2