Oʼzbekiston va YI – hamkorlikni rivojlantirish yoʼlida (YIdagi haftalik safar tafsilotlari) – Toshkent Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari bo’yicha ilg’or tajriba markazi
LinksLinks2

Yevropa Ittifoqining “Jan Monne” loyihasi turli sohalarda tadqiqot olib boruvchi yetakchi olimlarni ragʼbatlantirish, ularning faoliyatini qoʼllab-quvvatlashga yoʼnaltirilgan. Dasturning maqsadi – YI va undan tashqarida ham Yevropa integratsiyasi masalalarida muloqot, tadqiqotlar va oʼqitishning yuqori sifatini taʼminlashdan iborat.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʼyicha prorektori, Toshkentdagi Jan Monne Yevropa tadqiqotlari boʼyicha ilgʼor xalqaro tajriba Markazining loyiha rahbari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Gulnoza Ismailova Oʼzbekistonning Belgiyadagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan brifingda qatnashdi. Xorijdagi Oʼzbekiston fuqarolari va OАV uchun tashkil etilgan mazkur uchrashuvda saylov qonunchiligidagi oʼzgarishlar, sohadagi 30 yillik islohotlar, oktabr oyida oʼtkaziladigan Prezidentlik saylovi jarayonlari boʼyicha maʼlumot va tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, Osiyo tadqiqotlari Yevropa instituti bilan Oʼzbekistonning Bryusseldagi elchixonasi hamkorligida mamlakatimizda boʼlib oʼtadigan prezident saylovlariga bagʼishlangan seminar davomida ham Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi G.Ismailova xorijlik vatandoshlarimiz uchun maʼruza oʼqidi.
Ushbu xorijiy safar kun tartibidan chet el ommaviy axborot vositalarida intervyu va maqolalar chop etilishi ham oʼrin oldi. Jumladan, yoshlar va malakali mutaxassislarni birlashtiruvchi Frank Creations nodavlat tashkilotida boʼlib oʼtgan suhbat, “Diplomatic World” jurnaliga intervyu, “EU Reporter” nashridagi maqola kabilarni sanab oʼtish mumkin.
Belgiyaning “Lets Discover Travel Journalists” va Britaniyaning “Maximum Exposure” kompaniyalari bilan hamkorlikda tayyorlangan “Visit Uzbekistan” jurnalining Oʼzbekiston Mustaqilligi 30 yilligi munosabati bilan chop etilgan maxsus sonida ham JIDU prorektorining maqolasi eʼlon qilindi.
Oʼzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari uzoq yillik hamkorlik hamda ikki tomon uchun ham manfaatli aloqalar oʼrnatishga yoʼnalgan. Yuqoridagi suhbatlar va intervyular davomida ham YI tomonidan Oʼzbekistondagi tadbirkorlik faoliyati uchun ochiladigan imkoniyatlar, sud islohotlari, mehnat qonunchiligi va boshqaruv organlarining samarali ishlashi uchun olib borilayotgan ishlar ijobiy tahlil qilindi.

LinksLinks2