“Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi aloqalarining yangi bosqichi – ishonchli qadamlar bilan yuksak marralar sari” – Toshkent Jan Mone nomidagi Yevropa tadqiqotlari bo’yicha ilg’or tajriba markazi
LinksLinks2

XXI asrni oʻzining keng qamrovli shiddati bilan qarshi olgan globallashuv va uning “kichkina laboratoriyasi” sifatida eʼtirof etilayotgan mintaqaviy integratsiyalashuv jarayonlari insoniyatni tobora yangi istiqbollar sari yetaklamoqda. Tabiiy hodisa deb qaralayotgan bu jarayon yer yuzidagi barcha katta-kichik davlatlarni oʻz domiga tortib, dunyo xalqlarini yanada jipslashishga undamoqda.

Jumladan, Yevropada muvaffaqiyat bilan davom etayotgan integratsiyaviy jarayonlar xalqlarning bir butun boʻlib yashashga boʻlgan koʻp asrlik orzu-umidlari amalga oshishi uchun zamin hozirlamoqda. Yahlit bozor yaratish yoʻlidagi iqtisodiy hamjihatlik oʻzining tor oʻzanidan chiqib, yagona fuqarolik va umumiy tashqi siyosat tomon qadam tashladi.

Fransiya tashqi ishlar vaziri R. Shuman taklifi asosida 1951-yil 18-aprelda Fransiya, Germaniya, Italiya, Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg (Benilyuks) oʻrtasida “Yevropa koʻmir va poʻlat hamjamiyati”ni tashkil etish toʻgʻrisida Parij shartnomasi imzolandi. Ayni shu davlatlar ishtirokida “Yevropa iqtisodiy hamjamiyati” va “Yevropa atom energiyasi hamjamiyati”ni taʼsis etishga oid shartnomalar 1957-yil 25-martda Rim shahrida imzolandi va 1958-yildan kuchga kirdi.

Shu tariqa, iqtisodning asosiy sohalarida hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Umumiy bojxona ittifoqi doirasida tovarlar (mahsulotlar)ning erkin aylanishi uchun umumiy bozor joriy etildi. Hamjamiyatlar ichida ishchi kuchi, xizmat koʻrsatish va kapitalning erkin harakatlanishi uchun yagona makon yaratildi. 1992-yilda imzolangan Maastrixt shartnomasi va 2007-yilda qabul qilingan Lissabon shartnomasi Yevropa hamjamiyatlari oʻrniga yagona “Yevropa Ittifoqi” deb nom olgan tashkilotga asos soldi.

Bugungi kunda 4,233,262 kv.km maydonga ega boʻlgan Yevropa Ittifoqida 46 tilda soʻzlashuvchi 100 dan ortiq millat vakillari boʻlmish 450 millionlik aholi istiqomat qiladi. Jugʻrofiy jihatdan aʼzo davlatlarning 15 tasi – Gʻarbiy Yevropa, 10 tasi – Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlaridir. Ikkitasi esa (Malta, Kipr) – Oʻrtayer dengizi havzasida joylashgan.

Yevropa Ittifoqining jahon iqtisodiyotidagi oʻrni alohida eʼtirofga molik. Jahonda ishlab chiqariladigan umumiy ichki mahsulotning 28 foizi, yaʼni 15 trln. AQSH dollari Ittifoq hisobiga toʻgʻri keladi. Bu jahon iqtisodiyotining oltidan bir ulushi demakdir. Dunyodagi eng katta daromadga ega deb eʼtirof etilgan 500 ta yirik kompaniyaning 161 tasi Yevropa Ittifoqida joylashgan. Yevropa Ittifoqining jahon savdo aylanmasidagi eksport-import ulushi esa 20 foiz, yaʼni 3,645,933 mln. yevroga tengdir. Shundan import ulushi – 1,714,224 mln. yevro, eksport ulushi esa 1,931,709 mln.yevrodir. Global tovar eksportida (jami 13 636.6 mln. yevro) Ittifoqining ulushi 15,6 foizni tashkil etsa (jami 2 131.7 mln. yevro), global tovar importida (jami 13 958.4 mln. yevro) esa uning ulushi 13.9 foizga tengdir (yoki 1 935.3 mln. yevro). Global xizmatlar eksport-importida Ittifoq oʻrtacha 22 foiz ulush bilan dunyoda birinchi oʻrinni egallaydi.

Yevropa Ittifoqi tashqi savdo munosabatlarining oʻziga xosligi shundaki, uning tashqi savdo aylanmasi har yili taxminan 200 mlrd. yevro hajmidagi ijobiy saldo bilan yakunlanadi. Dunyoning 209 ta mamlakati bilan hamkorlik qiluvchi Ittifoq savdo aylanmasida xalqaro standartdagi 6-raqamli uygʻunlashtirilgan tizimda roʻyxatga olingan (Harmonized System (HS6)) 4,555 turdagi mahsulot oldi-sottisi amalga oshiriladi.

Oʻzida 27 ta davlatni birlashtirgan, aholisi jihatdan Xitoy va Hindistondan keyingi uchinchi, yer maydoni jihatdan esa, dunyodagi yettinchi oʻringa chiqib olgan Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston tashqi siyosatidagi oʻrni salmoqlidir. Yevropa Ittifoqi tashkiloti va uning aʼzo davlatlari bilan koʻp tomonlama va ikki tomonlama aloqalar mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston tashqi siyosatining tub prinsiplarini belgilab beruvchi hujjatlarda mazkur ustivorlik alohida qayd etib oʻtilgan. Ikki tomonlama munosabatlarning Oʻzbekiston uchun ahamiyati quyidagilarda oʻz aksini topadi:

Birinchidan, Yevropa Ittifoqining ilgʻor davlatlari (Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Niderlandiya va boshqalar) Oʻzbekiston uchun yuqori texnologiyalar manbaidir. Samolyotsozlik, mashinasozlik, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, qurilish va, umuman, ishlab chiqarishning barcha sohalariga eng zamonaviy gʻarb texnologiyalarini jalb etish respublikamizda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ikkinchidan, Yevropa Ittifoqi oʻzining barcha aʼzo davlatlari bilan bir butunlikda Oʻzbekistonning tayyor va xomashyo mahsulotlari uchun MDHdan keyingi eng katta isteʼmol bozorini tashkil qiladi. Biroq isteʼmolchilarning xarid quvvatini inobatga olganda Yevropa bozori Oʻzbekiston tovarlari uchun har qanday bozordan koʻra jozibaliroqdir.

Uchinchidan, Gʻarbiy Yevropa savdo-sotiq sohasida mamlakatimizning asosiy hamkorlaridan boʻlibgina qolmasdan, shu bilan birga, sarmoyalarning ham asosiy manbaidir. Ittifoqning xorijiy davlatlarga yoʻnaltirilgan sarmoya hajmi salkam 10 trln. dollarni tashkil etadi. Buni inobatsha olgan holda Yevropa sarmoyalarini mamlakatimizga jalb etish masalasiga katta eʼtibor qaratilib, ular uchun qulay investitsiyaviy iqlim yaratib kelinmoqda.

Toʻrtinchidan, mintaqaviy va global xavfsizlikni saqlash hamda taʼminlash har ikki tomon uchun ham dolzarb vazifadir. Xalqaro terrorizm, narkobiznes, ekstremizm va boshqa koʻrinishdagi transmilliy tahdidlarga qarshi kurash va mintaqaviy barqarorlikni taʼminlashdan har ikki tomon birdek manfaatdordir. Yevropalik mutaxassislar taʼbiri bilan aytganda, “xavfsizlik nuqtayi nazaridan Yevropaning chegarasi Afgʻoniston sarhadlaridan boshlanadi”.

Oʻzbekiston bilan keng jabhali hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish Yevropa Ittifoqi va uning aʼzo davlatlari uchun ham ayni muddaodir. Xususan, Yevropa Ittifoqi Komissiyasi oʻzining 1995-yilda qabul qilingan dastlabki hujjati boʻlmish “Markaziy Osiyoning yangi mustaqil davlatlari bilan aloqalar toʻgʻrisida Kommunikatsiya”sida bu haqda alohida toʻxtalib oʻtadi. Kommunikatsiyada “Ittifoq Markaziy Osiyoda muhim manfaatlarga ega. Bu manfaatlar ham iqtisodiy, ham geosiyosiy ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, mazkur mintaqani xizmatlar, turli jihozlar va sarmoya bilan taʼminlab turuvchi Yevropa Ittifoqi, ayni vaqtda, mintaqadan chiquvchi energetika zaxiralarining sezilarli imkoniyatlarga ega boʻlgan isteʼmolchisi ham ekanligidan kelib chiqib, bu hududda energetika sektorining rivojlanishidan alohida manfaatdorligi” qayd etiladi. Keyinchalik Yevropa Ittifoqi Kengashi tomonidan 2007-yilning 30-mayida qabul qilingan “Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo: Yangi sherikchilik uchun strategiya” deb nomlangan hujjatda Yevropa Ittifoqining mintaqadagi strategik manfaatlari yanada yaqqol ifoda etilgan.

Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi munosabatlari mana shunday oʻzaro teng manfaatdorlik asosida qaror topdi. 1991-yil 31-dekabrda “Oʻn ikkilarning qoʻshma deklaratsiyasi” bilan Yevropa hamjamiyatlari va ularning oʻsha paytdagi 12 ta aʼzo davlati Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini eʼtirof etdi. 1992-yil 15-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Yevropa Hamjamiyatlari Komissiyasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. 1994-yil 16-noyabrda tomonlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi. Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa Hamjamiyatlari qoshidagi Missiyasi 1995-yil 6-maydan eʼtiboran Bryussel shahrida oʻz faoliyatini boshladi. Oʻz navbatida, 2002-yil oktyabrda Yevropa Ittifoqi Komissiyasining mamlakatimizdagi faoliyatini amalga oshirish va boshqarishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Yevropa hamjamiyatlarining Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonasi vazifasini vaqtincha bajarib turuvchi “Yevropa Uyi” Toshkentda oʻz faoliyatini boshladi va, keyinchalik, 2011-yil 31-may kuni Yevropa Ittifoqining mamlakatimizdagi doimiy diplomatik vakolatxonasiga aylantirildi.

Yevropa Ittifoqi hamda uning aʼzo davlatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida koʻp tomonlama diplomatik aloqalarning oʻrnatilishi tomonlar orasidagi iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ilmiy va boshqa sohalardagi hamkorlikning rivojlanishi uchun zamin yaratdi. Yevropa Ittifoqining yangi aʼzo davlatlar hisobiga kengayishi ham oʻzaro munosabatlar koʻlamiga va sifatiga kuchli taʼsir etib bordi.

Oʻtgan yillar davomida oʻzaro aloqalarning shartnomaviy-huquqiy asoslari ham shakllanib va mustahkamlanib bordi. Hozirgi kungacha 20 dan ortiq ikki va koʻp tomonlama shartnomalar amal qilib kelmoqda. 1996-yil 21-iyunda Florensiyaning (Italiya) “Fortezza de Basso” qalʼasida boʻlib oʻtgan Yevropa Ittifoqi aʼzo davlatlarining davlat va hukumat rahbarlari darajasidagi navbatdagi oliy sammitida Yevropa hamjamiyatlari va ularning aʼzo davlatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida “Oʻzbekiston Respublikasi, bir tomondan, va Yevropa Hamjamiyatlari hamda ularga aʼzo davlatlar, ikkinchi tomondan, oʻrtasida sherikchilik taʼsis etuvchi Sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim” imzolandi.

Bitim ikki tomonlama munosabatlarning juda keng koʻlamini qamrab olgan boʻlib, unda tomonlar oʻrtasidagi iqtisodiy, siyosiy, savdo munosabatlarini tartibga solish, ijtimoiy, moliya, ilm-fan, texnologiya va madaniy sohalarda hamkorlik qilish uchun mustahkam asos yaratish kabi maqsadlar oʻz aksini topdi. Ayni paytda, u hamon ikki tomonlama aloqalarga asos boʻlib kelayotgan “Savdo va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi” Yevropa hamjamiyatlari va Sovet Ittifoqi oʻrtasida 1989-yil 18-dekabrda tuzilgan bitimning oʻrnini egallashi oʻlaroq, sobiq imperiyaning oʻtmish sarqitlariga barham berishdek muhim siyosiy vazifani ham bajardi. Hozir kunda Sheriklik va hamkorlik bitimining “Kuchaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim” shaklidagi yangi matnini tayyorlash ishlari yakunlanmoqda.

2001-yil 11-sentyabr voqealaridan soʻng ikki tomonlama munosabatlar rivoji, ayniqsa, yangicha tus oldi. Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati va mintaqadagi barqarorlikni taʼminlashda Oʻzbekistonning hal qiluvchi mavqeini tushunib yetdi. Shundan kelib chiqqan holda, Yevropa Ittifoqining Lyuksemburg Kengashi va Gent sammiti tashkilotning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini kuchaytirishni zarur deb topdi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlari, ayniqsa, Oʻzbekiston bilan aloqalarga ustuvor mavqe berish, siyosiy, transport, energetika, savdo, investitsiya sohalaridagi hamkorlikni yanada kuchaytirish lozimligi taʼkidlandi.

Ikki tomonlama munosabatlarda iqtisodiy va savdo-sotiq aloqalari eng ustuvor yoʻnalish hisoblanadi. Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi va uning aʼzo davlatlari bilan savdo aloqalari katta salmoqni tashkil etadi.

Ikki tomonlama savdo aloqalarining umumiy hajmi 1993-yilda 545 mln., 2006-yilda 1.1 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, 2010-yilda bu koʻrsatkich 1 mlrd. 759 mln. AQSH dollariga yetdi. 2020-yil yakunlariga koʻra, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi 2,228 mln. yevroni tashkil etdi. Germaniya (874 million), Italiya (340 million) hamda Fransiya (267 million) Oʻzbekistonning YEIdagi asosiy savdo hamkorlari sanalsa-da, tovar ayirboshlashda Kipr, Chexiya, Litva, Latviya, Sloveniya, Estoniya, Polsha kabi Yevropa Ittifoqi yangi aʼzo davlatlarining ulushi ortib borayotganligi quvonarli holatdir.

Yevropa eksporti mahsulotlarining asosiy qismini elektr jihozlari va mashinalar, qishloq xoʻjaligi va plastik materiallar tashkil etsa, Oʻzbekiston eksportining katta ulushi toʻqimachilik mahsulotlari va qimmatbaho metallardan iborat.

Hozirgi paytda mamlakatimizda Yevropa Ittifoqi davlatlarining 1000 dan ortiq korxonasi, jumladan, 612 ta qoʻshma korxona va 100 foiz Yevropa mablagʻi asosida tashkil etilgan 209 korxona faoliyat yuritadi. Ittifoq mamlakatlari 275 ta kompaniyasining vakolatxonalari yurtimizda tegishli tartibda akkreditatsiyadan oʻtgan.

Qisqacha qilib aytganda, Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi iqtisodiy va savdo munosabatlari bir maromda rivojlanib kelmoqda. Tomonlar orasidagi tovar ayirboshlash hajmi oʻtgan 25 yil ichida salkam toʻrt barobarga koʻpaydi. Biroq ikki tomonlama savdo aloqalarining imkoniyatlari cheksizdir. Afsuski, hozirgi kunda Yevropa Ittifoqi umumiy tashqi savdo aylanmasida Oʻzbekistonning ulushi bor-yoʻgʻi 0.1 foizga tengdir, xolos.

Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi aloqalari mintaqalararo miqyosda ham rivojlanib bormoqda. Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining BOMKA (Chegara hududlarida xavfsizlikni taʼminlash), KADAP (giyohvand moddalarga qarshi kurashish), TRASEKA (transport), INOGEYT (energetika), TEMPUS/Erasmus (taʼlim), INTAS (fan va tadqiqot) kabi mintaqaviy dasturlarda ishtirok etmoqda. Yevroittifoq 2003-2019-yillar davomida birgina BOMKA dasturi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 40,1 million yevro ajratdi. BOMKA (Border Management Programme in Central Asia) dasturi 2003-yilda amaliyotga joriy etilgan boʻlib, u Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida chegaralar boshqaruvi boʻyicha hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.

Oʻzbekiston 2004-yilda Yevropa Ittifoqi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” mintaqalararo muloqot raundi aʼzosidir. Bunday turdagi muloqotlar mintaqaviy muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga egadir.

Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari oʻziga xos xususiyatga ega va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan boʻladigan aloqalaridan tubdan farq qiladi. Yevropa Ittifoqining davlatsimon murakkab qurilmasi, aʼzo davlatlarga nisbatan ustivor mavqei, tashkilot maqsad va vazifalarining oddiy fuqarolar manfaaatiga toʻgʻridan-toʻgʻri boʻysindirilganligi oʻzaro aloqalarga alohida xususiyat baxsh etadi. Oʻtgan yillar davomida oʻzaro munosabatlar murakkab sinovlar davrini bosib oʻtdi. Eng ahamiyatli jihati shundaki, oxirgi yillarda Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston munosabatlarida jadal rivojlanish koʻzga tashlanmoqda. Teng manfaatli aloqalar yangi sifat bosqichga chiqdi.

Mamlakatimizdagi barqaror siyosiy va iqtisodiy rivojlanish, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qurish yoʻlidagi birdamlik va zabt etilayotgan yangi marralar, global va mintaqaviy muammolarni hal etish yoʻlidagi davlatimiz rahbarining aniq va dadil tashabbuslari, umuman, qoʻlga kiritilayotgan barcha muvaffaqiyatlarimiz Yevropalik hamkorlarimizning bundan oʻn yil avvalgi qarashlarini tubdan oʻzgartirib yubordi. Har qaysi zamonda tashqi siyosat ichki siyosatning mantiqiy davomi sifatida koʻrilar ekan, yangilanayotgan Oʻzbekistondagi xalqchillik, ochiqlik, shaffoflik va oʻzaro manfaatdorlik tamoyillari mamlakatimiz tashqi siyosatida ham oʻz aksini topayotganligi, ichki va tashqi siyosatning uygʻunligi buning uchun zamin yaratgan boʻlsa, ajabmas. Eʼtirof etish mumkinki, mamlakatimiz ichkarisidagi oʻzgarishlarning xalqaro maydondagi evrilishlarga hamohangligi va toʻliq uygʻunlashib borayotganligi Yevropalik hamkorlarimizda ishonch ruhini yanada kuchaytirdi.

Ayniqsa, 2017-yilda Oʻzbekiston – Yevropa Ittifoqi aloqalarida yangi bosqich boshlandi. Hozirgi paytda zamon va u bilan birgalikda xalqaro vaziyat, xalqaro hamjamiyat va xalqaro aloqalar tabiati shiddat bilan oʻzgarmoqda ekan, oʻzgarishlar davri daʼvati mazkur bosqichning mantiqiy asosini tashkil etadi. Shu bois, 2017-yil noyabr oyida azim Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun yurtimizga birinchi marta tashrif buyurgan Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha Oliy vakili F.Mogerini Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo munosabatlarining ustuvor yoʻnalishlari xususida gapirar ekan, oʻzgarishlar davri sherikchiligi gʻoyasini ilgari surdi. Shu asnoda, aytish mumkinki, ikki tomonlama aloqalardagi turgʻunlik kayfiyatini shiddatli oʻzgarishlar davrining uygʻoq ruhi egalladi.

Oʻtgan qisqa vaqt ichida diplomatik aloqalar “quyuqlashdi”. Tashqi siyosatning haddan tashqari siyosiylashgani va mafkuraviylashgani “sovuq urush” davrining asoratidir. Har narsadan hadiksirash, xavfsirash va yovqarash buning asosiy alomatlari edi. Biz bu davrni oʻz boshimizdan kechirdik. Harakatsiz hech narsaga erishib boʻlmasligi, eng kichik imkoniyatlar maylida ham harakatdan toʻxtamaslik lozimligi, buyuk natijalarga, baʼzan, mayda qadamlar bilan erishilishi, jarayonlar qutqusida faqat va faqat tezkor harakat qilish kerakligi yangi Oʻzbekistonning yangi davlat rahbarini shiori edi. Oʻz-oʻziga talabchanlik va ichki maʼsuliyat hissi orqaligini voqealar izmini boʻysindirish, undan oldinga oʻtib olish va uni “yetaklash” lozimligi Davlatimiz rahbari tomonidan qatʼiy ilgari surildi hamda oʻzining xatti-harakati va xulq-atvori bilan barcha darajadagi diplomatlarimiz uchun namuna boʻldi. Bularning barchasi Yevropalik hamkorlarimizni aniq qadamlar tashlashga undadi.

2017-yil 9-noyabr kuni Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Federika Mogerini va Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻrtasida oʻzaro ishonchga asos yaratgan gʻoyat yuqori darajadagi muloqot tashkil etildi. 2019-yil 31-mayda esa Toshkentda Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev hamda Yevropa Ittifoqi Prezidenti Donald Tusk uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Yevropa Ittifoqi rahbarining Oʻzbekistonga ilk tashrifi diplomatik aloqalarning 25 yilligiga toʻgʻri keldi. 2017-yildan Yevropa investitsiya banki (YEIB) hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) Oʻzbekiston bilan hamkorlikni yangidan yoʻlga qoʻydi. 2017-yil oktyabrda Oʻzbekiston YEIB bilan hamkorlik boʻyicha bitim imzolandi, 2017-yil noyabrda YETTB Toshkentda oʻz vakolatxonasini ochdi.

Global va mintaqaviy muammolarni hal etishda tomonlarning oʻzaro anglashuv va tushunish asnosidagi qarashlari tobora yaqinlashib bormoqda. Fikrimiz isboti sifatida quyidagilarni keltirib oʻtish mumkin.

Yevropa Ittifoqi Orol fojiasi, Orolboʻyi mintaqasining ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik muammolariga nisbatan hamda Orol dengizining hayotbaxsh manbalari – Amudaryo va Sirdaryo suvlaridan oqilona foydalanish sohasida ilgari surayotgan Oʻzbekiston Respublikasi rahbariyatining rasmiy munosabatiga oʻz xayrihohligini bildirib kelmoqda.

Global va mintaqaviy xavfsizlik tizimining eng zaif nuqtasi boʻlib qolayotgan Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va barqaror taraqqiyotga yoʻl ochish borasida ham manfaatlar uygʻunligi va oʻzaro izchil hamkorlikni kuchaytirish istagi yaqqol namoyon boʻlmoqda. Eslatib oʻtish joizki, Yevropa Ittifoqi Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklash ishiga eng katta ulush qoʻshayotgan homiy tashkilotdir. U 2010-yilda boʻlib oʻtgan Afgʻon muammosiga bagʻishlangan Qobul va London xalqaro konferensiyalarining tashkilotchisi sifatida maydonga chiqdi. 2002-yildan beri Ittifoqning Afgʻonistonga ajratgan insonparvarlik va iqtisodiy yordami qariyb 4 mlrd. yevroni tashkil etadi. Afgʻonistonning Markaziy Osiyo respublikalari bilan chegaralarini mustahkamlash orqali Yevropa Ittifoqi mintaqamiz xavfsizligini taʼminlashga hissa qoʻshib kelmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Afgʻonistonda tezroq tinchlik va barqarorlik oʻrnatish istagini bildiribgina qolmay, ushbu mamlakatga xalqaro insonparvarlik yordamini yetkazib berish va milliy iqtisodni tiklash ishlariga faol ishtirok etib kelmoqda. 2018-yil 27-martda Toshkentda oʻtkazilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston boʻyicha yuqori darajadagi uchrashuvlar tomonlarning qarashlarini yanada yaqinlashtirdi. Unda nutq soʻzlagan YEIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Federika Mogerini Afgʻonistondagi vaziyatni baraqarorlashtirishga oid rasmiy Toshkent tashabbusini qoʻllab-quvvatlashi, bu masala Bryusselning ham doimiy eʼtiborida ekanini qayd etdi. Shu bois, Yevropa Ittifoqining nufuzli siyosiy arbobi Afgʻoniston iqtisodi va infratuzilmalarini tiklash borasida Oʻzbekiston ilgari surayotgan aniq taklif va loyihalar hamda amaliy sayi-harakatlar uchun mamlakatimiz prezidentiga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

Ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish uchun tomonlar muhim strategik hujjatlar qabul qilmoqda. 2019-yil 19-iyunda Ittifoq Markaziy Osiyo boʻyicha oʻzining yangi strategiyasini qabul qildi. “Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo: mustahkam hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar” deb nomlangan hujjat Byursselning mintaqa davlatlari bilan munosabatlari tarixida yangi sahifa ochishga xizmat qiladi. Bryussel rasmiylariga koʻra, yangi geosiyosiy voqelik hamda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash zarurati ushbu hujjatni ishlab chiqishga undagan. Ayni paytda Yevropa Ittifoqining Oʻzbekiston uchun 2021-2027-yillarga moʻljallangan dasturi ishlab chiqilmoqda. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 11-dekabrida qabul qilingan Bayonnomasi bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida hamkorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish Rejasi amalga tizimli tatbiq etib kelinmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2020-yil iyunda “Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangilangan Strategiyasini amalga oshirishda Oʻzbekistonning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi” ishlab chiqilgan.

Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonni jahon hamjamiyatiga, ayniqsa, xalqaro iqtisodiy tuzilmalarga aʼzo boʻlib kirish orqali jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga alohida koʻmak koʻrsatib kelmoqda. 2019-yil 11-noyabrdayoq Yevropa Ittifoqi Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qoʻshilishi uchun 5 million yevro grant ajratdi. Ushbu mablagʻ tashkilotga aʼzo boʻlish jarayonida zarur hujjatlarni tayyorlash, oʻzbekistonlik mutaxassislarning JST kelishuvlari va xalqaro savdo tizimiga oid bilimlarini oshirishda ishlatiladi.

2021-yil 9-aprel kuni yana bir muhim voqea sodir boʻldi. Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining Preferensiyalar bosh tizimi doirasida qoʻshimcha imtiyozlardan foydalanish huquqini qoʻlga kiritdi. Bu esa Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan 6200 turdagi mahsulotlarni bojxona bojlarisiz Yevropa Ittifoqi bozoriga eksport qilish imkonini beradi. Oʻzbekistonga nisbatan GSP+ preferensiyalar tizimining, ayniqsa, mamlakatimiz COVID-19 inqirozi bilan kurashayotgan pallada taqdim etilishi, albatta, tahsinga sazovordir.

Fan va taʼlim sohasi Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligining eng istiqbolli yoʻnalishi boʻlib qolmoqda. Mamlakatimizdagi taʼlim va tadqiqotchilik muassasalari Yevropa Ittifoqining “Yerasmuz”, “Gorizont” kabi xalqaro grant dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Har yili yuzlab oʻzbekistonlik talabalar Yevropa universitetlarida taʼlim olish imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Ayniqsa, Erasmuz Jan Mone grant loyihalari yoʻnalishida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Markaziy Osiyo mintaqasida eng peshqadam oliygoh hisoblanadi. 2020-yilgi tanlovlar natijasida universitet jamoasi tomonidan qoʻlga kiritilgan grant doirasida mintaqamizda yagona Toshkent Yevropa tadqiqotlari markazi tashkil etildi. Markaz direktori G.Ismailovaning soʻzlariga koʻra, “Bugungi kunda “kelajak”, “taʼlim” va “yoshlar” ayni bir mazmunni ifodalovchi bir maʼnoli soʻzlarga aylangan ekan, fan va taʼlim sohasidagi hamkorlik ustivor yoʻnalish boʻlib qolaveradi”.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda Yevropaliklar tomonidan “qoʻshnilarimizning qoʻshnilari” deb atalayotgan Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari yangi sifat bosqichiga chiqdi. Ikki tomonlama aloqalar yangicha xarakter kasb etib, turgʻunlikdagi hamkorlikdan oʻzgarishlar davri sherikchiligiga aylanmoqda.

Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining moddiy koʻmagiga koʻz tikuvchi benefitsiar davlatdan savdo-iqtisodiy munosabatlardagi teng manfaatli hamkoriga aylanmoqda.

Eng muhimi, Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi aloqalarining yangi bosqichi nafaqat yuqori darajadagi hukumatlararo darajada, balki jamiyatning nodavlat tuzilmalari, fuqarolik jamiyati institutlari, ishlab chiqaruvchilar va biznes guruhlari, ilm-fan namoyondalaridan iborat “quyi qatlam” doiralarida ham oʻz taʼsirini sezdirmoqda. Davlat va hukumatlararo oliy darajadagi aloqalar oddiy insonlar oʻrtasidagi kundalik muloqot tusini olmoqda.

Soʻnggi soʻz oʻrnida, Yevropalik hamkorlar tomonidan katta eʼtibor bilan kutilayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Yevropa Ittifoqiga tashrifi ikki tomonlama aloqalarning keyingi istiqboli uchun, albatta, muhim amaliy ahamiyat kasb etadi.

Haydarali Yunusov,

yuridik fanlar nomzodi,

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dotsenti,

Toshkent Yevropa tadqiqotlari markazi yetakchi eksperti

Manba: Aniq.uz

LinksLinks2